Kutubxonasari. Muallifning Hikoyasi
Bugun Abdullayevlar xonadonida tong odatdagidan kech boshlandi.
Akmal ko‘zini ochganda, xona allaqachon yop-yorug‘ edi. U budilnik qo‘yishni unutgan, ammo buni o‘ziga emas, kechagi charchoqqa, ish ko‘pligiga, hayotning o‘ziga ag‘darib qo‘ya qoldi. Agar bugun ham ishga kechiksa, ishdan haydalishi mumkin edi. Birdan boshliqning o‘tgan haftagi sovuq nigohi ko‘z oldiga keldi va u bu holatning takrorlanishi mumkinligini o‘ylab yuragi ortga tortib ketdi
U shosha-pisha, tugmalarni adashtirib kiyindi. Oynadagi aksiga qaramadi ham, chunki o‘ziga qarashga vaqti yo‘q edi. Eshik oldiga yetganda to‘xtab, birdan o‘g‘lini ham maktabga olib borishi kerakligini esladi. Ana shunda ichidagi g‘ashlik tilga chiqdi:
— Alisher! Tezroq bo‘l! Axir ishga kech qolyapman! Doim seni deb kechikaman!
Alisher o‘n yashar maktab o‘quvchisi bo‘lib, otasidan farqli o‘laroq, tartibli va intizomli bola edi. Bugun ham barvaqt uyg‘ongan, ammo ertalab onasiga uy ishlarida yordamlashib, maktabga tayyorlanishga ulgura olmagandi.
Dadasining ovozini eshitib Alisher javob qaytardi:
— Hozir, dada, poyabzalimni topib olay... Oyi, oq poyabzalim qayerda?
Shu payt eshik tomondan Akmalning yanada baland ovozi eshitildi:
— Qaysi oq poyabzal! Boshqasini kiy! Vaqt yo‘q!
Alisher boshqa to‘g‘ri kelgan oyoq kiyimini kiyib, qo‘rqa-pisa dadasining oldiga yugurib chiqdi.
Nihoyat, ikkovi shoshilib yo‘lga chiqishdi. Akmal mashinani katta tezlikda haydardi. Tinmay soatga qarar, tomoq qirib qo‘yar, ora-sira o‘g‘liga o‘girilib zarda qilardi:
— Tezroq bo‘lsang bo‘lmaydimi? Har kuni shu gap, har kuni!
Alisher indamadi. Faqat ko‘nglidan: «Dadamning o‘zi doim ishga kech qoladi-ku, nega meni ayblaydi?» degan o‘y o‘tdi.
Chorrahaga yaqinlashganda Akmal yana o‘g‘liga qaradi. Bu safar ham nimadir demoqchi bo‘ldi. Og‘zini ochdi, ammo so‘z tilining uchida qolib ketdi. Nigohi bir lahzaga yo‘ldan uzildi.
Shu bir lahzada chorrahaga yuk mashinasi kirib keldi.
Akmal tormozni oxirigacha bosdi, ammo mashina asfaltda sirpanib, to‘xtamadi. U faqat rulni burishga ulgurdi, xolos.
Va hammasi tugadi. Ko‘chada sukunat cho‘kdi. Shamolda g‘ildiraklardan biri hali ham asta-asta aylanardi...
Oradan oylar o‘tdi. Akmal endi ertalablari hech qayerga shoshilmasdi, chunki shoshiladigan hech kimi, hech narsasi qolmagandi.
U qabristonda, kichkina qabr oldida tiz cho‘kib o‘tirardi. Qo‘lida o‘sha oq poyabzal... Alisher uni o‘sha kuni topolmagan, Akmal esa kutishni istamagan edi.
— Meni kechir, o‘g‘lim, — deya pichirladi u titroq ovozda. — Men senga doim «tezroq, tezroq» der edim, vaqt ajratmasdim. Endi butun vaqtim sening yoningda, lekin sen yo‘qsan...
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri
Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri
Bahodirov. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
Xurshid Karim. Muallifning She'ri